O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «SIFAT» O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi
A A
  • Sertifikatlash

    Sertifikatlash

    «SIFAT» markazida sertifikatlash olib boriladi. batafsil
  • Sinovlar

    Sinovlar

    O'zbekiston "Sifat" markazida paxta tolasini sinovlarini
    HVI tizimlari klasserlik usullari bilan olib borishadi.
    batafsil
  • Standart namunalarni tayyorlash

    Standart namunalarni tayyorlash

    O'zbekiston "Sifat" markazida paxta tolasini sinovlarini
    HVI tizimlari klasserlik usullari bilan olib borishadi.
    batafsil
Kirish
.ID.UZ

1 milliard 322 million dollarlikdan ziyod shartnomalar imzolandi

13.10.2016

Poytaxtimizda 12-13-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasining nufuzi yildan-yilga ortib, dunyoning turli mamlakatlaridagi biznes tuzilmalar e’tiborini jalb etmoqda. Bu bejiz emas. Negaki, paxta bozorini yanada rivojlantirish istiqbollari, paxta sanoati va uning turdosh tarmoqlarining ertangi kuni aynan shunday forumlar natijasiga bog‘liqdir. 

Yarmarkada 550 ming tonna o‘zbek paxta tolasini sotib olish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 1 milliard 322 million dollardan ziyod miqdordagi shartnomalar imzolandi. Bu jahon bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlariga talab yuqoriligini namoyon etdi. 

Anjumanda yuqori sifatli paxta tolasini yetishtirish va savdo qilish, bu yo‘nalishdagi samarali hamkorlikni kengaytirish va tarmoqqa tegishli boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi, muzokaralar olib borildi, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzildi. Unda 40 dan ziyod mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari, ekspert va mutaxassislari ishtirok etdi. Xitoy, Rossiya, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Koreya Respublikasi vakillari shular jumlasidandir. 

Jahon paxta bozoridagi talab va taklifning ko‘p yillik tahlili O‘zbekiston ushbu bozorning eng yirik ishtirokchilaridan biri ekanidan dalolat beradi. Mamlakatimizning bu boradagi salohiyati muntazam ortib borayotir. O‘zbekistonda nafaqat paxta tolasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari yuksalmoqda, to‘qimachilik sanoati ham izchil rivojlanmoqda. 

Ushbu yirik xalqaro anjuman yilning eng qulay vaqti, ya’ni navbatdagi paxta hosilining yig‘im-terim davri avjiga chiqqan va paxta bozorida oldi-sotdi savdolari faollashadigan paytda o‘tkazilayotgani ham bejiz emas. 

Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, mahalliy xomashyoga asoslangan to‘qimachilik sanoati tadbirkorlikning eng samarali yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois xorijiy ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga investitsiya sarflashdan manfaatdordir. Misol uchun, bugungi kunda “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimida 400 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 200 dan ziyodi qo‘shma korxonalardir. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bilan tayyorlanayotgan turli kiyim-kechaklar dunyoning ellikdan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda. Tabiiyki, bu jarayonda Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi muhim bozor vazifasini o‘tayotir.

– Paxta tolasi va undan tayyorlangan kalava, mato va boshqa mahsulotlar bilan tanishdik, – deydi Italiyaning “Studio Rissardo Zanon” kompaniyasi rahbari Rikkardo Zanon. – Ularning sifati ham, narxi ham ma’qul. Yarmarkada namoyish etilayotgan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ko‘plab turdagi to‘qimachilik mahsulotlari mamlakatingizda yengil sanoat sohasi izchil rivoj topayotganidan dalolat beradi. Biz O‘zbekiston paxta tolasi va undan tayyorlangan mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishga ahd qildik. Toshkentda kompaniyamiz vakolatxonasini ochishni mo‘ljallamoqdamiz. 

Eksport geografiyasini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izlanishlar tufayli yangi bozorlar kashf qilinmoqda. O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarining xorijda qirqdan ortiq savdo uylari tashkil etilgan. 

Yarmarka ishtirokchilari Toshkent viloyatidagi “O‘zbekiston” paxtani qayta ishlash zavodi, “UzTex-Chirchiq” qo‘shma korxonasi va “Toshkent Tola” paxta terminali faoliyati bilan yaqindan tanishib, O‘zbekistonda paxtachilik va to‘qimachilik sanoati izchil rivojlanayotgani, sohaga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotganining guvohi bo‘ldi. 

– Germaniya, Italiya, Turkiya kabi davlatlar yetakchi kompaniyalarining zamonaviy, resurstejamkor texnologiyalari bilan jihozlangan korxonamizda yiliga 10 million dona trikotaj mahsulotlari tayyorlanadi, – deydi “UzTex-Chirchiq” qo‘shma korxonasi direktori Otabek Asadullayev. – Kalava ip, bo‘yalgan mato, tayyor kiyim-kechaklarning sifati yuqoriligi bois tashqi bozorda tobora xaridorgir bo‘lib borayotir. Mahsulotlarimizning asosiy qismi Rossiya, Belarus, Koreya Respublikasi, Polsha kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Joriy yildan pahmoq matolar va sochiqlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirdik. Bu kelgusida eksport salohiyatimizni yanada oshirishda qo‘l keladi. 

Mamlakatimizda 21 hududiy paxta terminali, transport infratuzilmasi va keng tarmoqli yo‘nalishlardan iborat zamonaviy logistika tizimi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu tizimda o‘zbek tolasini yetkazib berish ko‘lamining muntazam kengayib borayotgani hisobga olingan holda yangi transport yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda. “Toshkent Tola” terminaliga kelgan ishtirokchilar uning misolida yurtimizdagi ana shunday subyektlar faoliyati bilan tanishdi. 

– Mazkur terminalda chet ellik hamkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bizga juda ma’qul bo‘ldi, – deydi Bangladeshning “Sarah Composite Mille LTD” kompaniyasi direktori Kuanru Axshan. – Ushbu yarmarkada o‘n yildan buyon muntazam qatnashib, mazkur terminal xizmatidan doim foydalanamiz. Anjumanning nufuzi va ishtirokchilari soni yil sayin ortib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Biz ham ishlab chiqarishda yurtingiz paxtasidan foydalanamiz. Unga bo‘lgan talab yil sayin ortmoqda. 2015-yilgi yarmarkada 200 tonna paxta tolasini xarid qilgan edik. Bu yil ushbu ko‘rsatkichni 400 tonnadan oshirdik. Muvaffaqiyatli kelishuvga erishganimizdan xursandmiz. 

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, Tovar-xomashyo birjasi va “Sifat” markazi hamkorligida tashkil etilgan XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi yetishtirilgan paxtani sotish mexanizmini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. An’anaviy yarmarka milliy iqtisodiyotimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni chuqurlashtirish, yurtimizning xalqaro maydonda raqobatbardoshligi va nufuzini yanada yuksaltirishning nurli ufqlarini ochib bermoqda. 

 Manba: O'zA

 

 

Murojaat uchun

120-59-36

Virtual qabulxona
Virtual qabulxona

Paxta tolasini yopishqoqligini sinovi

Paxta tolasini yopishqoqligini sinovi

Bizning joylashuv


Ohirgi o'zgartirish: 15.05.2018

On-line foydalanuvchilar: