Prezident Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Farmon bilan eksperiment o‘tkazish nazarda tutilgan bo‘lib, uning doirasida birinchi bor mahalliy to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan paxta xom ashyosiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtma berish tizimini joriy etish rejalashtirildi.

Bugungi kunga qadar mahalliy to‘qimachilik korxonalari paxta tolasini eksport narxlar bo‘yicha monopol yetkazib beruvchi — «O‘zpaxtasanoateksport» XKdan xarid qilishga majbur edi. Mazkur tartib to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishning rentabelligi va raqobatbardoshligini pasaytirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tashabbus qilingan eksperimentga muvofiq, to‘qimachilik sanoati korxonalari fermer xo‘jaliklari paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha asosiy xarajatlarining tuzilgan shartnoma qiymatining kamida 60 foizini avans berish yo‘li bilan moliyalashtirishni amalga oshiradi. Bunda korxonalarga yetkazib berilgan paxta xom ashyosidan faqatgina keyinchalik chuqur qayta ishlash va tayyor raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladi.

Bundan tashqari, Davlat rahbari o‘zining Farmonida to‘qimachilik sanoati korxonalari, «O‘zbekengilsanoat» AJ aksiyadorlari yig‘ilishining va qator idoralarning «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bunda davlatning tartibga solish va xo‘jalik funksiyalarini o‘z ichiga olgan «O‘zbekengilsanoat» AJ tugatiladi.

Mazkur uyushmaga respublika to‘qimachilik tarmog‘ini barqaror rivojlantirish bo‘yicha keng doiradagi vazifalar yuklatildi.

Sohani boshqarish tizimi to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalariga javob bermasligi, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qodir emasligi mazkur qarorning qabul qilinishini taqozo etdi. Masalan, «O‘zbekengilsanoat» AJ tarkibiga 436 ta korxona kiradi, bu esa ular umumiy sonining atigi 6 foizini tashkil etadi. Ushbu jamiyatning faoliyati asosan statistikani to‘plash, turli xil yig‘ilishlar o‘tkazish, ko‘rgazmalarni tashkillashtirishga qaratilgan. Uning tashkiliy shakli ham aksiyadorlik jamiyatining huquqiy holatiga mos kelmaydi.

Xorijiy mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatdiki, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning samarali shakllaridan biri klasterlarni tashkil etish hisoblanadi. Mazkur model paxta xom ashyosini yetishtirish, dastlabki ishlov berish, mahsulotni paxta tozalash korxonalarida keyingi qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yagona ishlab chiqarish siklini tashkil etishni ko‘zda tutadi.

Bundan kelib chiqib, maxsus Ishchi komissiyaga Paxta-to‘qimachilik klasterlarini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini, shunday klasterlarni Buxoro va Navoiy viloyatlarida tashkil etish natijalarini hisobga olgan holda ishlab chiqish topshirildi.

Shu bilan bir qatorda, Farmon bilan to‘qimachilik sanoati korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar, shu jumladan bojxona to‘lovlari to‘lash bo‘yicha imtiyozlar taqdim etish nazarda tutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha laboratoriyalarning past samaradorligi, ularning ko‘pchiligida xalqaro akkreditatsiyaning mavjud emasligi mahalliy to‘qimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilarining tashqi bozorlarga chiqishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ushbu muammolarni hal qilish uchun to‘qimachilik sanoati sohasida standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish, shu jumladan xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish nazarda tutildi.

gazeta.uz